Kipr hukumati Zelenskiyning oroldagi mehmonxonasi haqidagi ma’lumotlarni tekshirishga va’da berdi

Foto: EPA

Kipr Respublikasi hukumati orolning shimoliy qismida joylashgan Vuni Palace mehmonxonasi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga tegishli ekani haqidagi ma’lumotni tekshirmoqda, ammo u tasdiqlanganicha yo‘q, deb yozadi “RBK” mamlakat prezidenti Nikos Xristodulidisga tayanib.

“Hukumat bu masalada surishtiruv olib bormoqda, lekin hozircha bunday narsa aniqlangani yo‘q. Surishtiruv yakunlanganidan keyin ko‘proq ma’lumot bera olamiz”, — dedi u tekshiruv boshqa mamlakatlardan sheriklar bilan hamkorlikda olib borilayotganini qo‘shimcha qilib.

Avvalroq Turkiya nashrlaridan biri Zelenskiy va uning rafiqasiga aloqador deb hisoblanuvchi Film Heritage Inc. ofshor kompaniyasi Kipr shimoliy qirg‘oqlaridagi Kireniya shahrida joylashgan Vuni Palace kazino-mehmonxonasini sotib olgani haqida xabar bergan edi. Oldi-sotdi 2024-yil may oyi boshida yakunlangan bo‘lib, majmua narxi 150 million funt sterlingga baholangan.

Ukraina elchixonasi ushbu ma’lumotni “Rossiya dezinformatsiyasi” deb atadi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.