AQSH Ukraina uchun zirhli texnikadan iborat yirik yordam paketini tayyorlamoqda

Foto: AQSH Mudofaa vazirligi

AQSH Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini tayyorlamoqda. U mart oyida ajratilgan 300 million dollarlik paketdan ancha yirik bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Politico amerikalik mansabdorlarga tayanib yozmoqda. Manbalarga ko‘ra, unga zirhli texnika va Bradley piyoda jangovar mashinalari kiradi.

Ushbu paket doirasida AQSH Ukrainaga HMWWV (Humvee) ko‘p maqsadli harbiy avtomobillarini, M113 bronetransportyorlarini, shuningde, havo hujumiga qarshi mudofaa uchun artilleriya va snaryadlarni taqdim etishni ham rejalashtirmoqda.

Yangi paket “Ukrainaning jang maydonidagi ehtiyojlarini qondirishi” mumkin, dedi nashr suhbatdoshlari. Ularning taxmin qilishicha, Ukrainaga 61 milliard dollarlik yordam to‘g‘risidagi qonun loyihasi AQSH prezidenti Jo Bayden tomonidan imzolangach, paket doirasidagi yetkazib berishlar darhol boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 20-aprel kuni Kongress quyi palatasi majmuali qonun loyihasi doirasida Ukrainaga 61 milliard dollarlik yordam ajratilishini ma’qulladi. 23-aprel kuni u Senat tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak. Ma’qullangan taqdirda esa uni Jo Bayden imzolaydi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.