10 yildan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Qozog‘istonda qo‘lga olindi (video)

Фото: Кадр из видео

Qozog‘istonning Ostona shahrida politsiyachilar 10 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi. Ayni paytda uni ekstraditsiya qilish masalasi hal qilinmoqda, deb yozadi “Nur.kz”.

“42 yoshli O‘zbekiston fuqarosi 10 yildan buyon odamlar savdosi uchun qidiruvda bo‘lgan. Qidiruv tashabbuschisi — Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi”, — deyiladi xabarda.

Erkak ayni paytda vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirilgan.

Qozog‘iston qonunchiligiga muvofiq, ekstraditsiya jarayoni qidirilayotgan shaxsni tutish, unga nisbatan sud ruxsati bilan 40 sutka vaqtinchalik hibsda saqlash chorasining ko‘rilishi, undan keyin esa 12 oy muddatga ekstraditsion hibsda saqlashni o‘z ichiga oladi.

Ushbu vaqt mobaynida hibsda saqlanayotgan shaxsga nisbatan ekstraditsion tekshiruv olib boriladi va uning chet davlatga topshirilishi imkoniyati yuzasidan qaror qabul qilinadi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.