Tojikiston OAVlari O‘zbekiston Prezidentining kutib olinishi aks etgan suratlarni e’lon qildi (foto)

Фото: asiaplus

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Dushanbe shahriga keldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Poytaxt aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi va ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi. O’zbekiston Prezidentini kutib olishda Tojikiston yoshlari va ijodiy jamoalari vakillari ham qatnashdi.

So‘ng Prezidentimiz “Do‘stiy” maydoniga tashrif buyurib, Ismoil Somoniy haykali poyiga gul qo‘ydi.

Tojikistonning Asia-Plus nashri Mirziyoyevni kutib olish jarayoni aks etgan kadrlar bilan bo‘lishdi.

Foto: Asia-Plus

Ta’kidlash joizki, oliy darajadagi muzokaralarda yetakchilar O’zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qiladilar, xalqaro va mintaqaviy darajadagi hamkorlik yuzasidan fikr almashadilar.

Tashrif dasturida ikki mamlakat san’at ustalarining konsertini birgalikda tomosha qilish hamda «Made in Uzbekistan» mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishish rejalashtirilgan.

Davlat tashrifi doirasida bir qator tadbirlar, shu jumladan xotin-qizlar forumi, O’zbekiston kinosi kunlari, ziyolilar, olimlar va tarixchilar konferensiyasi, milliy taomlar va turizm salohiyati festivali bo‘lib o‘tdi.

Avvalroq Toshkent shahrida Rektorlar forumi va Dushanbe shahrida biznes forumi o‘tkazilgan edi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.