AQSH Ukrainaga qo‘shin yubormaydi — Oq uy
Oq uy AQSH Ukrainaga qo‘shinlar yubormasligini ma’lum qildi. Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga G‘arb qo‘shinlari yuborilishi ehtimolini istisno qilmagan edi.
“Prezident Bayden AQSH Ukrainaga jang qilish uchun qo‘shinlar yubormasligini ochiq-oydin bildirdi”, — deyiladi Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Edriyenn Uotson tomonidan e’lon qilingan bayonotda.
Bayden “g‘alabaga olib boradigan yo‘l” Kongress tomonidan bloklab qo‘yilgan harbiy yordamning qabul qilinishi, deb hisoblaydi, toki “Ukraina qo‘shinlari Rossiya istilosidan himoya uchun zarur bo‘lgan qurol va o‘q-dorilarga ega bo‘lsin”, deya qo‘shib qo‘ydi Uotson.
AQSH Senati ikki hafta avval Ukrainaga harbiy ko‘makni ma’qullagandi, u Isroil va Tayvanga ham yordamni o‘z ichiga oluvchi jami 95 milliard dollarlik paketga kirdi. Shundan 60 milliardi Ukrainaga ajratiladi. Ammo u hali Kongress Vakillar palatasi tomonidan ma’qullanmadi. Spiker, respublikachi Mayk Jonson avvalroq uni ovozga qo‘ymoqchi emasligini aytgandi.
Bayden 27-fevral kuni Oq uyda yuqori mansabli kongressmenlar bilan uchrashib, moliyalashtirish, shu jumladan, Ukrainaga yordam taqdim etish masalalarini muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas G’arb davlatlari tomonidan Ukrainaga qo‘shinlar yuborilishi Parijdagi davlat va hukumat rahbarlari konferensiyasida ma’lum bir taklif sifatida ko‘rib chiqilmaganini aytgandi.
Sharhlar