Kim Chen In birinchi marta tadbirga Putin sovg‘a qilgan Aurus avtomobilida keldi
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In jamoat tadbiriga birinchi marta Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan sovg‘a qilingan Aurus avtomobilida keldi. Bu haqda Koreya Mehnat partiyasi targ‘ibot va tashviqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, KXDR yetakchisining singlisi Kim Yo Chjon ma’lum qildi.
“Shaxsiy mashinaning alohida funksiyalari mukammal va mutlaqo ishonchli”, — deyiladi uning bayonotida.
Kim Chen In tomonidan ushbu avtomobilning qo‘llanilishi “har tomonlama mustahkamlanayotgan va yangi, yanada balandroq bosqichda rivojlanayotgan Koreya-Rossiya do‘stligining yorqin ramzidir”, deya qayd etdi Kim Yo Chjon.
18-fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin KXDR yetakchisi Kim Chen Inning tug‘ilgan kuniga atab unga Aurus avtomobilini sovg‘a qilgani xabar berilgan edi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin KXDR yetakchisi Kim Chen Inga mashina sovg‘a qilganini tasdiqladi. U Aurus avtomobili bo‘lgan. Peskov mashina modelini aytmadi.
Keyinroq ushbu hadya BMT Xavfsizlik kengashining Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalariga zid ekani ma’lum bo‘ldi. BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan Shimoliy Koreya yadro dasturi tufayli joriy qilingan sanksiyalar KXDRga hashamat buyumlari olib kirilishini taqiqlaydi. Taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatida lyuks avtomobillar ham bor. Sovg‘a ushbu sanksiyalarga zid bo‘lishi mumkin.
Sharhlar