Fransiya Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini yuborishni istisno qilmayapti — Makron

Фото: Reuters

Fransiya prezidenti France 2 va TF1 kanallariga intervyu berib, Ukrainadagi urushda butun qit’a xavfsizligi masalasi hal bo‘layotganini aytdi. Ukrainadagi nizoni u “Yevropa va Fransiya uchun ekzistensial” deb atadi va ittifoqdoshlarni Kiyevga harbiy yordamni cheklamaslikka chaqirdi.

Jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Makron ayni paytda Ukrainaga qo‘shin yuborish kerak emasligini, ammo Fransiya “voqealarning bunday rivojini istisno qilmasligi”ni qayd etdi.

Shu bilan birga, Makron tinchlikka erishish usullari qolmaganini aytdi “Rossiya — bu dushman. Kreml rejimi — bizning dushmanimiz. Biz Rossiya bilan urush holatida emasmiz, lekin kelinglar dangal aytamiz — biz uning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak”, — dedi Makron.

Bundan tashqari, avvalroq Fransiyaning Le Monde gazetasi Fransiya hukumatidagi manbalariga tayanib, Makron tomonidan 21-fevral kuni Yelisey saroyida aytilgan gaplarni keltirgan edi. “Nima bo‘lganda ham, kelayotgan yilda ba’zi yigitlarimizni Odessaga yuborishimga to‘g‘ri keladi”, — degan u.

Shundan besh kun o‘tib esa Makron Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan konferensiyada shov-shuvga aylangan bayonotini bergan, “kelajakda Ukrainaga NATO qo‘shinlari yuborilishini istisno qilib bo‘lmasligi”ni aytgan edi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.