Eronda taniqli rejissor Muhammad Rasulof 8 yilga qamaldi
Eronda rejissor Muhammad Rasulof sakkiz yillik hibsga hukm qilindi. Uning advokati ma’lum qilishicha, hukm uchun Rasulofning omma oldidagi bayonotlari va uning filmlari asos bo‘lgan. Sud ularni “mamlakat xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etish niyatida til biriktirish namunalari” deb atadi.
The Guardian yozishicha, Rasulofning so‘nggi filmi — “Muqaddas anjir urug‘i” 2024-yilgi Kann festivali asosiy tanlov dasturi uchun tanlab olinganidan keyin Eron hukumati 52 yoshli rejissorga bosimni kuchaytirgan.
Kartina syujeti sir saqlanmoqda. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, u umummilliy noroziliklar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqayotgan tehronlik Inqilob sudi sudyasi haqida hikoya qiladi. Eron hukumati filmni tanlovdan chiqarib tashlashni talab qilmoqda.
Muhammad Rasulof avval ham o‘z ijodi uchun Eronda jinoiy ta’qibga uchragan, ammo joriy hukm unga nisbatan eng shafqatsizi hisoblanadi. 2017-yilda Rasulof Kann kinofestivalining “O‘zgacha nigoh” dasturida g‘olib bo‘lgan. 2020-yilda Berlin kinofestivalining bosh sovrini — “Oltin ayiq” bilan taqdirlangan edi.
Sharhlar