“Agar Ukraina yutqizsa, NATO Rossiya bilan jang qiladi” — Pentagon rahbari
AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukraina mag‘lubiyatga uchragan taqdirda, Rossiya bilan NATO qo‘shinlari jang qilishini aytdi. Bu haqda u AQSH Kongressi Vakillar palatasi Qurolli kuchlar masalalari bo‘yicha qo‘mitada uning yanvar boshida kasalxonaga yotqizilishiga bag‘ishlangan eshituvlarda ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.
“Agar Ukraina yutqizsa, Putin to‘xtamaydi, u o‘z qo‘shnilarining suveren hududiga hujum qilib, egallab olishda davom etadi. Agar siz — boltiqbo‘yi mamlakati bo‘lsangiz, keyingi nishon siz bo‘lishingizdan juda xavotirlanyapsiz. Shuning uchun ham ular Putinni, uning nimalarga qodirligini bilishadi. Ochig‘ini aytganda, agar Ukraina mag‘lub bo‘lsa, men haqiqatan ham NATO Rossiya bilan jang qiladi, deb o‘ylayman”, — dedi u.
Lloyd Ostinning gaplari yuzasidan Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova izoh berdi. “Bu Rossiyaga qaratilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidmi yoki Zelenskiy uchun bahona o‘ylab topishga urinishmi? Unisi ham, bunisi ham tentaklik. Lekin kim agressor ekanligini endi hamma ko‘ryapti — bu Vashington”, — deb yozdi u o‘z Telegram-kanalida.
Sharhlar