Putin Kim Chen Inga Aurus limuzinini sovg‘a qilib, BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalarini buzdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin KXDR yetakchisi Kim Chen Inning tug‘ilgan kuniga atab unga Aurus avtomobilini sovg‘a qildi. Ushbu hadya BMT Xavfsizlik kengashining Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyaalriga ziddir, deb yozadi Bloomberg.
Avvalroq Putin KXDR yetakchisiga Rossiyada ishlab chiqarilgan avtomobilni sovg‘a qilgani haqida Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar bergandi. Ammo mashina rusumi va modeliga aniqlik kiritilmagandi.
Keyinroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin KXDR yetakchisi Kim Chen Inga mashina sovg‘a qilganini tasdiqladi. U Aurus avtomobili bo‘lgan. Peskov mashina modelini aytmadi, ammo sentabrda, Kim Chen In Rossiyaga kelgan paytida Putin unga o‘zi foydalanadigan Aurus Senat limuzinini ko‘rsatgandi. Aurus Senat narxi 440 ming dollardan boshlanadi.
BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan Shimoliy Koreya yadro dasturi tufayli joriy qilingan sanksiyalar KXDRga hashamat buyumlari olib kirilishini taqiqlaydi. Taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatida lyuks avtomobillar ham bor. Sovg‘a ushbu sanksiyalarga zid bo‘lishi mumkin.
Janubiy Koreya Birlashuv vazirligi allaqachon Rossiyaning ushbu xatti-harakatlarini sanksiyalarning buzilishi deb baholadi. “Biz Shimoliy Koreyani BMT sanksiyalarning buzilishini surbetlik bilan omma oldida tan olgani uchun qoralaymiz. Rossiya ham BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi sifatida o‘z mas’uliyatini his qilishi va xalqaro me’yorlarga zid keladigan xatti-harakatlarni to‘xtatishi kerak”, — dedi Janubiy Koreya muassasasi vakili.
BMT Xavfsizlik kengashi 2006-yildan harbiy sinovlar tufayli KXDRga qarshi sanksiyalarning bir nechta paketini kiritgan edi. Rossiya bu cheklovlarga amal qilib kelgan.
2023-yil sentabrida Vladimir Putin Rossiya Ukrainadagi RF armiyasi uchun asosiy qurol yetkazib beruvchiga aylangan Shimoliy Koreyaga nisbatan kiritilgan cheklovlarga amal qilayotganini aytgandi.
Ammo fevral boshida The New York Times AQSHga ittifoqchi mamlakatlar razvedkalaridagi manbalariga tayanib, Rossiya Shimoliy Koreyaning RF banklaridagi BMT sanksiyalari tomonidan muzlatilgan aktivlarining bir qismini blokdan chiqargani, shuningdek, Pxenyanga xalqaro moliya tizimidan foydalanish imkoniyatini taqdim etgani haqida xabar berdi.
Sharhlar