Baydenning maslahatchisi Jeyk Sallivan Kiyevga keldi va AQSH Ukrainaga “iloji boricha tezroq” harbiy yordam ajratishini va’da qildi

Foto: DW

AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga keldi, deb yozadi Meduza. 20-mart kuni kechqurun u Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak bilan qo‘shma brifingda so‘zga chiqdi.

Amerikalik mansabdor jurnalistlarning Ukrainaga harbiy yordam paketi qachon ma’qullanishi mumkinligi va Bayden ma’muriyatida kongress qonun loyihasini qabul qilmagan taqdirda “B rejasi” bor-yo‘qligi haqidagi savollariga javob berdi.

Sallivan ishonch bildirishicha, vakillar palatasida turib qolgan qonun loyihasi ikkala partiya tomonidan ham ma’qullanadi. Ammo u bu qachon yuz berishini prognoz qilishdan bosh tortdi. U “B rejasi” haqida gapirishga hojat yo‘q deb hisoblashini ta’kidladi.

Sallivanning fikricha, Rossiya allaqachon Ukraina bilan urushda yutqazgan. “Rossiya nima qilmoqchi edi? Ukrainani xaritadan o‘chirib tashlamoqchi edi. Ukrainalik bo‘lish g‘oyasining o‘zini tarixdan o‘chirmoqchi edi. Buni qila olmadi”, — dedi u.

AQSH ma’muriyati vakili fikricha, agar Ukraina urushdan suveren, demokratik, erkin mamlakat bo‘lib chiqsa, shu uning g‘alabasi bo‘ladi.

Ukraina OAVlari qayd etishicha, Sallivan g‘alaba shartlari orasida Ukraina hududiy yaxlitligining tiklanishini tilga olmagan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.