Qozog‘istonda Sibir kuydirgisiga aloqador 14 ta qabriston va 8 ta hayvonlar mozori bahorgi toshqin ostida qoldi

Фото: believe.ru

Qozog‘iston hududidagi Sibir kuydirgisiga aloqador 8 ta hayvonlar mozori va 14 ta qabriston qor-muz suvlari ostida qoldi, deb xabar beradi Meduza. Ular asosan G‘arbiy Qozog‘iston viloyatidagi Sirim tumanida joylashgan.

Viloyat Veterinariya boshqarmasi veterinariya-sanitariya xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Nurkayir Kusayinov favqulodda vaziyatlar yuz bergan hududlarda chorva mollari veterinariya xizmatlari kuzatuvi ostida bo‘lishini ma’lum qildi.

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishontirishicha, hayvonlar mozori va qabristonlar “barqaror holatda qolmoqda”. Idora vakili qabristonlar germetik ekanligi va doimiy nazorat ostida turganini ma’lum qildi. Uning aniqlik kiritishicha, Sibir kuydirgisidan nobud bo‘lgach, hayvon yoqib yuboriladi, kuli esa betonlanib tosh tobut (sarkofag) shakliga keltiriladi, uning atrofiga esa dezinfeksiyalovchi vositalar joylashtiriladi.

Ayni paytda Qozog‘istonning bir nechta hududlarida bahor toshqinlari yuz bermoqda. 10 ta hududda mahalliy ko‘lamda favqulodda vaziyat rejimi e’lon qilingan. 7-aprel holatiga, G‘arbiy Qozog‘istonda bahorgi toshqin tufayli 7 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.