Rossiyadagi teraktdan keyin Fransiyada terrorchilik xavfining eng yuqori darajasi joriy etildi
Fransiya hukumati Rossiyadagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida yuz bergan terakt munosabati bilan eng yuqori darajadagi terrorchilik xavfini e’lon qildi, deb yozadi “Kommersant”.
Qaror Yelisey saroyida prezident Emmanuel Makron chaqirgan Milliy mudofaa va xavfsizlik kengashi majlisida qabul qilindi.
“Hujum uchun javobgarlikni ISHID o‘z zimmasiga olgani munosabati bilan hamda mamlakatimiz qarshisida turgan tahdidlar tufayli, biz Vigipirate (terrorchilikka qarshi kurash rejasi) darajasini eng yuqori — “shoshilinch hujum xavfi” darajasigacha oshirishga qaror qildik”, — deb yozdi bosh vazir Gabriel Attal X ijtimoiy tarmog‘ida.
Milliy mudofaa va xavfsizlik kengashining 24-mart kungi majlisi Moskvadagi teraktga bag‘ishlandi.
Nashr eslatishicha, Fransiya terrorchilik xavfi darajasini yanvardagina pasaytirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 22-mart kuni kechqurun Krokusda “Piknik” guruhi konserti boshlanishi arafasida konsert zaliga qurolli shaxslar bostirib kirib, ichkaridagi odamlarga qarata o‘t ochdi, binoga o‘t qo‘yib, qochib ketdi. 130 dan ortiq odam halok bo‘lib, 140 dan ziyod kishi jabrlandi. 23-mart kuni to‘rt nafar gumonlanuvchi va ualrning yetti nafar sheriklari qo‘lga olindi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron terakt munosabati bilan hamdardlik bildirgan edi. U “terrorchilik harakatini qat’iyan qoralagan”.
Sharhlar