Rossiya qo‘shinlari Xarkovdagi teleminoraga zarba berdi (video)

Фото: REUTERS, Sofiia Gatilova

Rossiya qo‘shinlari 22-aprel kuni kunduzi Ukrainaning Xarkov shahridagi teleminoraga zarba berdi, deb yozadi DW. Mahalliy Telegram-kanallar vayron bo‘lgan bino foto va videotasvirlari bilan bo‘lishmoqda. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Voqea joyidan olingan lavhalarda zarbadan keyin minora deyarli ikki bukilib qolganini, shundan keyin tepa qismi uzilib tushganini ko‘rish mumkin.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Xarkov teleminorasiga zarba Rossiyaning X-59 aviatsiya raketasi bilan berilgan. Xarkov viloyat prokuraturasi urush qonunlari va an’analari buzilishi holati bo‘yicha surishtiruv boshlagan.

“RIA Novosti” qayd etishicha, teleminoraga, go‘yoki, Ukraina havo hujumiga qarshi mudofaasining aloqa antennasi o‘rnatilgan bo‘lgan. Ammo Rossiya Mudofaa vazirligi zarba yuzasidan izoh bergani yo‘q.

Xarkov teleminorasi shahardagi eng baland inshoot bo‘lib, uning balandligi 240,7 metrga teng bo‘lgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.