Oq uy Zelenskiyga nisbatan suiqasd haqidagi xabarlar yuzasidan xavotir bildirdi

Foto: regnum.ru

AQSH prezidenti ma’muriyati Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga nisbatan suiqasd tayyorlangani haqidagi xabarlar yuzasidan xavotirda. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyer ma’lum qildi. Avvalroq, 7-may kuni Ukraina Xavfsizlik xizmati ukrainalik mansabdorlar va siyosatchilar, shu jumladan, Zelenskiyni o‘ldirishni rejalashtirgan ikki polkovnik qo‘lga olingani haqida xabar bergandi.

“Biz bu bayonotni eshitdik. U, tabiiyki, katta xavotirni tug‘diradi. Va, shubhasiz, biz qotillikka urinish oldi olinganidan xursandmiz”, — dedi Jan-Pyer.

UXX ma’lum qilganidek, davlat qo‘riqlash boshqarmasining qo‘lga olingan ikki polkovnigi Vladimir Zelenskiyni kelajakda o‘ldirish maqsadida unga yaqin odamlarni qidirish bilan shug‘ullangan agentura tarmog‘iga kirgan. Tarmoq faoliyati, UXX da’vo qilishicha, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan boshqarilgan.

Avvalroq, 6-may kuni esa Ukraina davlat qo‘riqlash boshqarmasi departamentlaridan birining rahbari Andrey Guk qo‘lga olingani ma’lum bo‘lgandi. U qo‘riqlanuvchi shaxslar, shu jumladan, prezidentga aloqador maxfiy ma’lumotlarni to‘plashda va chet el maxsus xizmatlariga uxatishda gumonlanmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.