Bir guruh hindistonliklar videomurojaat yo‘llab, ularni Rossiya tomonida turib Ukrainada jang qilishga majburlashayotganini ma’lum qildi

Фото: BBC

Yetti nafar Hindiston fuqarosi videomurojaat e’lon qilib, ularni Rossiya qurolli kuchlari tomonida turib Ukrainadagi urushda jang qilishga majburlashayotganini ma’lum qildi.

Videoda Rossiya harbiy formasini eslatadigan kiyim kiyib olgan bir guruh erkaklar devorlari kir bo‘lib ketgan xonada turibdi. Ular aynan qayerda joylashgani noma’lum.

Ammo Hindistonning News 18 nashri yozishicha, ular 15 kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, so‘ng “urush bo‘layotgan joy”ga yuborilgan. Murojaatni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga joylagan hindistonlik jurnalist qayd etishicha, ular “istalgan lahzada jangovar harakatlarda qatnashish uchun jo‘natilishi mumkin”.;

Videoda erkaklar 2023-yil dekabri oxirida yangi yilni kutib olish uchun Rossiyaga kelganini aytgan. So‘ng qandaydir sayyohlik agenti ularga Belarusga ham tashrif buyurishni taklif qilgan, ular esa rozi bo‘lgan.

“Bizga viza kerakligini bilmagandik, — dedi erkaklardan biri. — Belarusga yetib kelganimizda agent bizdan pul so‘radi, keyin g‘oyib bo‘ldi”.

Hindiston fuqarolari aytishicha, shundan so‘ng ularni politsiya ushlab Rossiya hukumatiga topshirgan, ular esa “hujjatlarni imzolashga majbur qilgan”. Hujjatlar rus tilida bo‘lgani sababli, hindistonliklar ularning mazmunini tushunmagan, shunday bo‘lsa-da, o‘z imzolarini qo‘ygan.

Ularga Rossiya armiyasida harbiy xizmat o‘tash o‘n yillik qamoq muddati o‘rnini bosishini tushuntirishgan. “Endi bizni Ukrainaga qarshi urushda jang qilishga majburlashmoqda”, — demoqda hindistonliklar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston hukumati Rossiyadan mamlakat armiyasi bilan shartnomalar tuzgan hind fuqarolariga muddatidan oldin xizmatdan bo‘shashga ruxsat berishni so‘ragan edi. The Hindu nashri ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida 100 ga yaqin Hindiston fuqarosi Rossiya armiyasi bilan shartnomalar tuzgan bo‘lishi mumkin. 20-fevral kuni nashr jangovar harakatlarda ishtirok etishni ko‘zda tutmagan ish uchun rozi bo‘lgan kamida uch nafar Hindiston fuqarosi Rossiya armiyasi saflarida jang qilishga majburlangan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.