Ukraina harbiylari Xersonda Rossiya qo‘shinlari to‘planib turgan joyga zarba berdi

Фото: Украинская правда

Ukraina ijtimoiy tarmoqlarida Ukraina qurolli kuchlari (UQK) Xerson viloyatining bosib olingan qismidagi Podo-Kalinovka qishlog‘i yaqinidagi ochiq joyda to‘plangan rossiyalik harbiy xizmatchilarga zarba bergani haqidagi xabarlar videosi bilan birga paydo bo‘lmoqda, deb yozadi BBC. Biroq bu xabarlar hozircha tasdiqlangani yo‘q.

Podo-Kalinovka Dnepr chap qirg‘og‘idagi so‘nggi oylarda shafqatsiz janglar borayotgan Krinokdan ko‘pi bilan 27 km masofada joylashgan. Da’vo qilinishicha, zarba HIMARS’dan otilgan raketalar bilan berilgan.

Ukrainaning Xerson yo‘nalishidagi maxsus xizmatlari ofitseri bu joyda rossiyalik qo‘shinlarga hujum qilingani faktini tasdiqladi. Rossiya tomoni esa hodisa haqida rasman xabar bergani yo‘q.

Avvalroq, 21-fevral kuni Ukrainaning Volnovaxa shahri yaqinidagi poligon HIMARS yordamida o‘qqa tutilgani, oqibatda o‘nlab rossiyalik harbiylar halok bo‘lgani xabar berilgandi. 65 nafar qurbon haqida ma’lum qilingandi, ammo Baykalorti o‘lkasi gubernatori bu raqamlar oshirib ko‘rsatilganini da’vo qilgandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.